TOSHKENT, 17-dekabr – Sputnik. 17-dekabrdan boshlab “O‘zbekneftgaz” korporatsiyasi o‘zining yoqilg‘i quyish shoxobchalarida AI-80 rusumli benzin narxini pasaytirdi, deb xabar qildi tashkilot matbuot xizmati.


Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, narx 6890 so‘mdan 6500 so‘mga tushgan.


Qayd etilishicha, navbatlar va taqchilliklarning oldini olish maqsadida kompaniyaning barcha yoqilg‘i quyish shoxobchalari AI-80 benzini bilan to‘liq ta’minlanadi.

Rossiya O‘zbekistonda taqchil AI-80 benzini o‘rnini topdi 
Noyabr oyida O‘zbekistonda AI-80 benzini narxi keskin oshishi kuzatildi. Yoqilg‘ining boshlang‘ich bahosi o‘rtacha 70 foizga oshib, bir tonnasi uchun 10 million so‘mni yoki 1 litriga qariyb 7,3 ming so‘mni tashkil etdi.

Keyinroq Monopoliyaga qarshi qo‘mita AI-80 ning o‘rtacha sotilish narxi bir tonna uchun 10,1 million so‘mdan 9,3 million so‘mga (8 foizga pasaygan) pasayganini ma’lum qildi.